ЦEНТР ПЕРЕПОДГОТОВКИ И ПОВЫШЕНИЯ КВАЛИФИКАЦИИ РАБОТНИКОВ, ОСУЩЕСТВЛЯЮЩИХ ДЕЯТЕЛЬНОСТЬ В СФЕРЕ ЭКОЛОГИИ И ОХРАНЫ ОКРУЖАЮЩЕЙ СРЕДЫ РЕСПУБЛИКИ УЗБЕКИСТАН

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI EKOLOGIYA VA ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH DAVLAT QO’MITASI HUZURIDAGI ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH SOHASIDA FAOLIYAT KO’RSATAYOTGAN ХODIMLARNI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH MARKAZI

Ilg'or ta'lim texnologiyalari

Jahon standartlari



O‘zbekiston – Xitoy: Bioparchalanuvchi paketlar ishlab chiqariladi

 

 

2019 yilning 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Xitoy Xalq Respublikasining «Wenzhou Allwell Machinery Share» kompaniyasi menedjeri Li Tin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari H.Husanov, qo‘mita mas’ul xodimlari, «Wenzhou Allwell Machinery Share» kompaniyasi menedjeri Li Tin ishtirok etishdi.

Dastavval qo‘mita raisi o‘rinbosari H.Husanov mehmonlarni mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, ushbu yo‘nalishdagi mavjud milliy qonunchilik bilan qisqacha tanishtirib o‘tdi.

O‘z navbatida, Li Tin kompaniya faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya polipropilen va spanbond mahsulotlaridan turli xildagi, katta-kichik hajmdagi, shuningdek, tutqichli paketlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, u kompaniya ekologik paketlar ishlab chiqaruvchi uskunalarni (ekstrudor) tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanishini ham qo‘shimcha qildi.

Spanbond materiali polimer polipropilen eritmasidan «quruq» iplarni shakllantirish usuli orqali olinadi. Undan tayyorlangan paketlar ochiq havoda 15-17 oy, yopiq joyda 5-7 yilda chiriydi, 100 foiz qayta ishlanadi, eng asosiysi, polietilen paketlarga qaraganda bir necha barobar mustahkam. Mazkur paket «nafas olish» kuchiga ega, suvga, sovuqqa va issiqqa bardosh beradi, -55 daraja sovuqdan to +130 daraja issiqlikkacha o‘z ko‘rinishi va xususiyatini mutlaqo o‘zgartirmaydi. Undan ko‘p marotaba foydalanish mumkin.

Uchrashuv davomida H.Husanov ushbu polipropilen va spanbond granulalaridan tayyorlangan paketlar tarkibiga 50-60% makkajo‘xori kraxmalini qo‘shish orqali bioparchalanuvchi paketlar ishlab chiqarishni taklif etdi. Zero, bu orqali polietilen paketlarni ishlab chiqarishni kamaytirishga erishish mumkin.

Yana bir muhim tomoni shundaki, spanbond chiqindisi zaharli bo‘lmay, parchalanayotgan vaqtida ham atrof-muhitga mutlaqo zarar yetkazmaydi.

Uchrashuv yakunda ikki tomon hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish va kelgusida ushbu turdagi mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish maqsadida «Wenzhou Allwell Machinery Share» kompaniyasi bilan kelishuvlarga erishish masalasi muhokama qilindi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati