ЦEНТР ПЕРЕПОДГОТОВКИ И ПОВЫШЕНИЯ КВАЛИФИКАЦИИ РАБОТНИКОВ, ОСУЩЕСТВЛЯЮЩИХ ДЕЯТЕЛЬНОСТЬ В СФЕРЕ ЭКОЛОГИИ И ОХРАНЫ ОКРУЖАЮЩЕЙ СРЕДЫ РЕСПУБЛИКИ УЗБЕКИСТАН

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI EKOLOGIYA VA ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH DAVLAT QO’MITASI HUZURIDAGI ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH SOHASIDA FAOLIYAT KO’RSATAYOTGAN ХODIMLARNI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH MARKAZI

Ilg'or ta'lim texnologiyalari

Jahon standartlari



O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

Qarori

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish, yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojlarni qondirish, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning saviyasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzurida Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilsin.
  2. Quyidagilar:

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Belgilab qo‘yilsinki, Markaz yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan, oliy ta’limdan keyingi ta’lim muassasasi hisoblanadi.
  2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

xodimlarning kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari va mahoratlarini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq atrof muhitni muhofaza qilish uchun kasbiy tayyorgarlikni zarur darajada ta’minlash;

qayta tayyorlash va malaka oshirishning to‘g‘ridan to‘g‘riva bevosita shakllarini amaliyotga joriy etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarining fan va ishlab chiqarish bilan uyg‘unligini ta’minlash, xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.

  1. Belgilansinki, Markaz faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobiga amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari;

Markaz tomonidan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;

qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun jalb etiladigan grantlar, shu jumladan xalqaro grantlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

  1. Markaz xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari bo‘yicha respublika oliy ta’lim muassasalari xodimlarining tegishli toifalariga tenglashtirilsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi:

ikki oy muddatda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha davlat talablarini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin;

uch oy muddatda — belgilangan tartibda Markaz ustavini tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

Markazni zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;

O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Toshkent suv ta’minoti, kanalizatsiya, gidrotexnika inshootlari va muhandis gidrogeologiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga operativ boshqaruv huquqi bilan biriktirilgan Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Bunyodkor shoh ko‘chasi, 7-uyda joylashgan binodan tekin foydalanish huquqi bilan Markazga joy va xonalar ajratsin;

Markazga ajratilgan joy va xonalarning rekonstruksiya qilinishini hamda zarur o‘quv-laboratoriya va kompyuter texnikasi, mebellar va boshqa inventarlar bilan jihozlanishini ta’minlasin;

Markazning tashkiliy va boshqaruv faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirsin.

  1. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
  2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2016-yil 22-sentabr,

321-son

Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-sentabrdagi 321-son qaroriga
1-ILOVA

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom “Ta’lim to‘g‘risida”, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini (keyingi o‘rinlarda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
  2. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida davlat, idoraviy, ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan, shuningdek ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi tashkilotlarning atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislari (keyingi o‘rinlarda xodimlar deb ataladi) o‘z kasbiy darajasi va malakasini oshiradilar.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:

xodimlarning kasbiy va malaka darajasini muntazam oshirish asosida qonunchilik normalari, nazariy, ilmiy va amaliy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot va o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha innovatsiyalar, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi so‘nggi yutuqlarni chuqur o‘rganish;

yuqori samarali zamonaviy va innovatsiya texnologiyalarini, ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etgan holda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uslublarini yangilash;

qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.

  1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

qayta tayyorlash — xodimlarning atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yuritishi uchun zarur va yetarli bo‘lgan hajmdagi kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar va tajribalarni o‘zlashtirishiga ko‘maklashuvchi ta’lim turi.

malaka oshirish — xodimlarning atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari va tajribalarini oshirish bo‘yicha ta’lim turi.

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari — xodimlarga davlat ta’lim talablariga muvofiq ta’lim berishni nazarda tutadigan oliy ta’limdan keyingi o‘qitish shakli bo‘lib, ular ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi;

tinglovchi — qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ta’lim olish uchun jalb etilgan va belgilangan tartibda tinglovchilar safiga qabul qilingan xodimlar;

buyurtmachi — davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi tashkilotlar.

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita deb ataladi) huzuridagi Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) amalga oshiriladi.
  2. Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish buyurtmachining buyurtmanomasiga binoan, o‘zaro shartnoma asosida, mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Xodimlar, ular faoliyat yuritayotgan tashkilotning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, Markazda davriy ravishda malaka oshirish kurslaridan o‘tadilar.

  1. Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan davlat organlarining huzurida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etilgan bo‘lsa, ularning xodimlari ushbu ta’lim muassasalarida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ta’lim olishi mumkin.
  2. Qayta tayyorlash kurslaridan:

Qo‘mita bo‘yicha — zaxirada bo‘lgan va birinchi marta Qo‘mita katta davlat inspektorlari va davlat inspektorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitalari bosh davlat inspektorlari va ularning o‘rinbosarlari, katta davlat inspektorlari va davlat inspektorlari, Qo‘mita tarkibidagi inspeksiyalarning katta davlat inspektorlari va davlat inspektorlari lavozimlariga, shuningdek Qo‘mita tizimidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi lavozimlarga birinchi marta tavsiya etilgan shaxslar;

davlat ekologik nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan davlat organlari bo‘yicha — qonun hujjatlariga binoan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan mansabdor shaxs lavozimiga zaxirada bo‘lgan va birinchi marta mazkur lavozimga, birinchi marta ishga qabul qilingan shaxslar o‘tadi.

  1. Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslar va mazkur Nizomda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan majburiy ravishda o‘tishi nazarda tutilmagan boshqa shaxslar Markazda tashkil etilayotgan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida shartnoma asosida, ixtiyoriy ravishda ta’lim olishlari mumkin.

2-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining maqsadi va vazifalari

  1. Atrof muhitni muhofaza qilish faoliyatini yuqori darajada ta’minlash, tinglovchilarning kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari va mahoratlarini muntazam ravishda oshirib borish qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining maqsadi hisoblanadi.
  2. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining vazifalari quyidagilardan iborat:

tinglovchilarning kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari va mahoratini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq atrof muhitni muhofaza qilish uchun kasbiy tayyorgarlikni zarur darajada ta’minlash;

qayta tayyorlash va malaka oshirishning to‘g‘ridan to‘g‘riva bevosita shakllarini amaliyotga joriy etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarining fan va ishlab chiqarish bilan uyg‘unligini ta’minlash, tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish.

3-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tish tartibi

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha malakaviy talablar, o‘quv rejalari va dasturlarini hisobga olgan holda, tinglovchilarni sifatli o‘qitish uchun Markazning moddiy-texnika bazasini, o‘quv kurslarining faoliyatini ushbu Nizomda belgilangan tartibda moliyalashtirish asosida tashkil etiladi.

Tinglovchilar Markaz va buyurtmachilar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, to‘lov asosida o‘qitiladi.

Qo‘mita xodimlari Markazda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarida tekin, qayta tayyorlash kurslarida esa to‘lov evaziga o‘qitiladi.

  1. Markaz taqdim etilgan buyurtmanomalar asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ta’lim olish uchun belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tinglovchilar kontingentini shakllantiradi hamda tasdiqlangan o‘qish jadvalini buyurtmachilarga yetkazadi.

Buyurtmachilar Markaz tomonidan yuborilgan o‘qish jadvalini qabul qilganlaridan so‘ng xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda Markazga qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuboradi.

Buyurtmachilar xodimni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborishdan avval Markaz bilan tuzilgan shartnomaga asosan ta’lim olish uchun belgilangan to‘lov summasini to‘lashi shart.

  1. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qitish Markaz tomonidan Qo‘mita bilan kelishilgan holda tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ishdan ajralgan holda amalga oshiriladi.
  2. Tinglovchilar o‘quv kurslarini yakunlaganlaridan so‘ng Markazda tashkil etilgan attestatsiya sinovlaridan o‘tadilar.

Attestatsiya sinovlari ushbu Nizomning 4-bobida belgilangan tartib asosida, Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadigan attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Attestatsiya komissiyasi tarkibiga Qo‘mita markaziy apparatining rahbar xodimlari, shuningdek kelishuvga ko‘ra, ekologik nazoratni amalga oshirish sohasidagi vakolatli davlat organlari, ilmiy va oliy ta’lim muassasalari vakillari kiritiladi.

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qish boshlangandan so‘ng besh kun mobaynida Markazga etib kelmagan tinglovchilar, sabablaridan qat’i nazar, kurslarga qo‘yilmaydi.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga uzrli sabablarga ko‘ra etib kela olmagan xodimlar, keyin tashkil etiladigan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tadilar.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga uzrli sabablarsiz kelmagan xodimlar, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tmagan hisoblanadi, ularga ushbu Nizomda belgilangan diplom va sertifikatlar berilmaydi hamda buyurtmachilar tomonidan to‘langan to‘lov summalari qaytarilmaydi.

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tahsil olayotgan tinglovchilarning doimiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

4-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkilotchilarining vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar qo‘mitaning vazifalari hisoblanadi:

Markazning tashkiliy va boshqaruv faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining o‘quv jarayonini takomillashtirish mexanizmlari va uslublarini belgilash;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tahsil olishi kerak bo‘lgan tinglovchilar kontingentini shakllantirish;

o‘quv rejalari va dasturlarini hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tish uchun to‘lov miqdorini tasdiqlash;

qayta tayyorlash va malaka oshirishni takomillashtirish mexanizmi va usullarini belgilash;

Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘rish.

  1. Markaz tomonidan ushbu Nizomning 17-bandida belgilangan vazifalarga muvofiq, quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

xodimlarni o‘qitish bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi;

atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi o‘qitishning zamonaviy shakllari va uslublari, ilg‘or pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlangan o‘quv rejalari va dasturlarini qo‘llab, o‘quv jarayonini tashkil etadi;

nazariy o‘qishni boshqaruv faoliyati amaliyoti bilan mustahkam bog‘lash maqsadida Qo‘mitaning tegishli tarkibiy bo‘linmalarida, davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarda amaliyot ishlarining tashkil etilishini ta’minlaydi;

rivojlangan davlatlarning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi yutuqlarini tahlil qiladi, tinglovchilarga ushbu tajribalarni respublikaning iqtisodiyot tarmoqlarida joriy etish yuzasidan ma’lumotlar beradi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘quv jarayonini, ushbu kurslar bitiruvchilarining keyingi faoliyati yuzasidan doimiy monitoring olib boradi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan o‘tkazadi, ushbu Nizom talablariga muvofiq diplom va sertifikatlar beradi.

  1. Buyurtmachilar:

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tasdiqlangan jadvali asosida xodimlarining tegishli kurslarga belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida kelishlarini ta’minlaydilar;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari uchun belgilangan to‘lovlarni shartnoma asosida amalga oshiradilar;

qayta tayyorlash va malaka oshirish natijalarini muhokama qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etadi.

5-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘quv jarayonini tashkil etish

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari ta’lim jarayonida erishiladigan natijalardan kelib chiqqan holda xodimlarning bevosita kasbiy rivojlanishini tashkil etish imkoniyatini yaratadi.
  2. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ularning kasbiy bilimlari va ko‘nikmalarini doimiy ravishda yangilab boruvchi davriy tizim hisoblanadi.
  3. Tinglovchilarning o‘quv jarayoni tasdiqlangan davlat talablari, o‘quv rejalari va dasturlari hamda mashg‘ulotlar jadvali bo‘yicha tartibga solinadi, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

erlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish;

yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish;

suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish;

o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish;

hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish;

muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ularni tashkil etish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish;

o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlari, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, chiqindilarni ko‘mib tashlash va utillashtirish joylarining davlat kadastrlarini yuritish, ma’lumotlarni yagona davlat kadastri tizimiga kiritish;

atmosfera havosini muhofaza qilish;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish va ularni boshqarish;

tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy mexanizmlari;

atrof muhit monitoringi;

ekologik ekspertiza;

ekologik sertifikatlash;

ekologik audit;

atrof muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni hisobga olish, atrof muhit hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning holatini tahlil etish, baholash va prognoz qilish;

atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida davlat dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlashga kiritish hamda ularning bajarilishini tashkil etish;

atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish, ularni amaliyotda qo‘llash;

atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun nazarda tutilgan javobgarlik va boshqa yo‘nalishlar.

O‘quv rejalari va dasturlari atrof muhitni muhofaza qilish hamda ta’lim sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar asosida har yili takomillashtirib boriladi.

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘quv mashg‘ulotlarining ma’ruza, interaktiv seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar, sayyor mashg‘ulotlar, tajriba almashish, mustaqil o‘qish, malaka amaliyoti, loyiha ishini himoya qilish kabi asosiy turlari qo‘llaniladi.
  2. Auditoriyada o‘tkaziladigan barcha mashg‘ulotlar turlari 80 daqiqa davom etadi, o‘quv mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil qiladi.
  3. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridagi o‘quv jarayoni tinglovchilar soni, qoidaga ko‘ra, kamida 20 nafardan kam bo‘lmagan holda, Markaz tomonidan tashkil qilinadigan guruhlarda tashkil etiladi.
  4. Xodimlarning malaka amaliyoti davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tashkil etiladi.
  5. Ayrim o‘quv mashg‘ulotlari ilg‘or ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar negizida tashkil etilishi mumkin.
  6. Tinglovchilarning o‘zlashtirishi quyidagi baholash tizimi asosida amalga oshiriladi:

joriy, oraliq va yakuniy nazorat natijalari;

malaka amaliyoti yakunlari;

loyiha ishini himoya qilish natijalari.

Ushbu baholash natijalari xodimlarning yakuniy attestatsiya sinovlarini topshirish jarayonida baholash mezonlari sifatida inobatga olinadi.

  1. Xodimlar quyidagi sabablarga ko‘ra tinglovchilar safidan chetlashtirilishi mumkin:

o‘z xohishiga binoan;

sababsiz 24 soat dars qoldirganda;

buyurtmachilar tomonidan shartnoma to‘lovlari amalga oshirilmaganda;

salomatligi tufayli (tibbiy ma’lumotnoma asosida);

vafot etgan taqdirda.

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali pedagog kadrlari, shuningdek xorijiy mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin.
  2. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari bilan tinglovchilarni o‘qitadigan pedagoglar tarkibining o‘quv yuklamasi hajmi o‘quv yili mobaynida belgilangan normativlar bo‘yicha, ular amalda bajaradigan o‘quv ishlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
  3. Xodimlarni qayta tayyorlash ularning faoliyati davomida asosiy ishdan ajralgan holda, bevosita Markaz tomonidan kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.
  4. Qayta tayyorlash dasturlarini o‘zlashtirish muddati o‘n hafta (360 soat)dan kam bo‘lmagan hajmda belgilanadi. O‘quv yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga — 36 soatni, shundan auditoriya mashg‘ulotlarining eng yuqori hajmi — haftasiga 24 soatni tashkil etadi.
  5. Qayta tayyorlash bo‘yicha Markazda o‘qitish buyurtmachining yakka tartibdagi buyurtmanomasi asosida, davlat talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlar doirasida amalga oshiriladi.
  6. Tinglovchilar qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli bajarib, kursni to‘liq o‘zlashtirib bo‘lgandan so‘ng yakuniy attestatsiya sinovlariga qo‘yiladi.
  7. Xodimlarning malakasini oshirish har besh yilda kamida bir marta, asosiy ishdan ajralgan holda, bevosita Markaz tomonidan kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.
  8. Markazda malaka oshirish kurslarining davomiyligi ikki haftadan kam bo‘lmagan muddatni tashkil etadi.

Bunda o‘quv yuklamasining eng ko‘p hajmi har haftada — 36 soatni, auditoriya mashg‘ulotlarining eng ko‘p hajmi har haftada — 24 soatni tashkil qiladi.

  1. Malaka oshirish bo‘yicha Markazda o‘qitish buyurtmachining yakka tartibdagi buyurtmanomasi asosida, davlat talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlar doirasida amalga oshiriladi.
  2. Tinglovchilar joriy, oraliq va yakuniy nazorat topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajarib, kursni to‘liq o‘zlashtirib bo‘lgandan so‘ng yakuniy attestatsiya sinovlariga qo‘yiladi.
  3. Malaka oshirish kursini to‘liq o‘zlashtirib bo‘lgan xodimlar yakuniy attestatsiya sinovlariga qo‘yiladi.

6-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan o‘tkazish

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilari attestatsiya komissiyasi tomonidan attestatsiya sinovlari, ularning joriy, oraliq va yakuniy nazorati, malaka amaliyoti, loyiha ishini himoya qilish natijalarini inobatga olgan holda suhbat shaklida o‘tkaziladi.
  2. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining bitiruv loyiha ishini himoya qilish attestatsiya komissiyasida amalga oshiriladi.
  3. Attestatsiya komissiyasi o‘z qarorini tinglovchilarni suhbatdan o‘tkazish natijalari asosida, shuningdek kasbiy faoliyat ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda qabul qiladi.
  4. Attestatsiya komissiyasining qarori Markaz tomonidan tinglovchilarga, ushbu Nizomning 2 va 3-ilovalariga muvofiq diplom va sertifikat berishga asos bo‘ladi.
  5. Attestatsiya sinovlaridan o‘ta olmagan xodimlar bir yil mobaynida shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kursida takroran o‘qishi va attestatsiya sinovlarini topshirishi shart.
  6. Xodimlar attestatsiya sinovlaridan takroran o‘ta olmagan taqdirda Markaz tomonidan ushbu xodimlarning ish beruvchi tashkilotlariga xabarnoma yuboriladi.

Xabarnomada xodimning qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslaridan o‘tishi natijasi, attestatsiya sinovlaridan o‘ta olmaganligi sabablari ko‘rsatiladi.

7-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish ishlarini moliyalashtirish

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish ishlarini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari;

Markaz tomonidan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;

qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun jalb etiladigan grantlar, shu jumladan xalqaro grantlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

  1. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari faoliyatiga oid moliyaviy hisobotlar qonun hujjatlari asosida olib boriladi.

8-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga ikkinchi oliy yoki o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumot olish deb qaralmaydi.
  2. Qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish

SXEMASI

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA

Qayta tayyorlash to‘g‘risida namunaviy

DIPLOM

(tavsifi)

Qayta tayyorlash to‘g‘risidagi diplom A4 formatli oq qog‘ozda, ofset usulida, besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, ko‘k, qizil ranglarda, fon uchun — och pushti rangda bosmaxonada tayyorlanadi.

Varaqning chap qismi chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri, past qismida esa — 35 mm o‘lchamli ikkita kvadrat qo‘shilishidan hosil bo‘lgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning o‘rtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashadi.

Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI. Qayta tayyorlash haqida DIPLOM” so‘zlari bosiladi. Diplom ikkita lotin harfi — QT va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan ta’minlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och pushti rang fonda bo‘ladi.

Diplom:

bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;

yorug‘lik vositasida nusxa ko‘chirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;

naqshli rastr;

har xil rangli rastrlardan foydalanish yo‘li bilan turli ranglarni tashkil etish;

maxsus qog‘ozlar;

o‘zgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qo‘llangan holda oltita himoyaga ega.

(O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri)

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI

Qayta tayorlash haqida 

DIPLOM

QT № 000000

__________________________________________________________________

(xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi )

20___ yil _________________dan 20___ yil ______________________gacha

__________________________________________________________________

(Qayta tayyorlash ta‘lim muassasasining nomi)

________________________________________________________soatga mo’ljallangan

__________________________________________________________________

(Qayta tayyorlash kursining nomi)

qayta tayyorlash kursida talim olib,_______________________________________________

__________________________________________________________________

mavzusida bitiruv ishini
attestatsiya komissiyasida
_________________________________________________________________________________bahoga himoya qildi.
Muxr o’rni

Direktor ________                                                                                                                                         Qayd raqami

Sana ___________                                                                                                                                   ___________

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA

Malaka oshirish to‘g‘risida namunaviy

SERTIFIKAT

(tavsifi)

Malaka oshirish to‘g‘risidagi sertifikat A4 formatli oq qog‘ozda, ofset usulida, besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, ko‘k, qizil ranglarda, fon uchun — och kul rangda bosmaxonada tayyorlanadi.

Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri, past qismida esa — 35 mm o‘lchamli ikkita kvadrat qo‘shilishidan hosil bo‘lgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning o‘rtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashadi.

Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI. Malaka oshirish haqida SERTIFIKAT” so‘zlari bosiladi. Sertifikat ikkita lotin harfi — MO va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan ta’minlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och kul rang fonda bo‘ladi.

Sertifikat:

bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;

yorug‘lik vositasida nusxa ko‘chirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;

naqshli rastr;

har xil rangli rastrlardan foydalanish yo‘li bilan turli ranglarni tashkil etish;

maxsus qog‘ozlar;

o‘zgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qo‘llangan holda oltita himoyaga ega.

(O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri)

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI

Malaka oshirish haqida 

SERTIFIKAT MO

 № 000000

__________________________________________________________________

(xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi )

20___ yil _________________dan 20___ yil ______________________gacha

__________________________________________________________________

(Malaka oshirish ta‘lim muassasasining nomi)

jami________________________________________________________soatlik

__________________________________________________________________

(Malaka oshirish kursining nomi)

malakasini oshirdi.

Muxr o’rni

Direktor ________                                                                                                                                         Qayd raqami

Sana ___________                                                                                                                                   ___________

Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 22-sentabrdagi 321-son qaroriga
2-ILOVA

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Markazining

TUZILMASI

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2016-y., 38-son, 451-modda)